“Ayollar biznesi uchun birinchi qadam” tanlovning asosiy maqsadi – iqtidorli va isteʼdodli xotin-qizlar, ayollar va yosh olimalarning innovatsion faoliyati natijalari va tashabbuslarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash, ularning ilmiy izlanishlari uchun zarur shart-sharoitlarni yaratib berish hamda salohiyatli yoshlarni ilm-fanga keng jalb etishdan iborat.
Mazkur tanlov Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oila va xotin-qizlarni tizimli qoʻllab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2022-yil 7-martdagi PF-87 Farmonida belgilangan topshiriq ijrosini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2021-yil
19-apreldagi “Ilmiy va innovatsion faoliyat bilan shugʻullanib kelayotgan iqtidorli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 222-son qarorining
2-ilovasi “Boʻlajak olim” tanlovini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomida belgilangan talablarga muvofiq oʻtkaziladi. Ushbu tanlovga Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi hisobidan
10 mlrd soʻm mablagʻ ajratilgan.
“Ayollar biznesi uchun birinchi qadam” tanlovi doirasida yosh olimalarning yangi istiqbolli yo’nalishlar bo’yicha biznes loyihalari boʻyicha arizalar qabul qilinadi.
Biznes loyiha – amalga oshish xavfi yuqori boʻlgan sharoitda yangi mahsulot yoki xizmat turini yaratuvchi innovatsion ishlanmalarning qoʻllanilishi, koʻlami
va tez oʻsish surʼati bilan farqlanadigan yangi biznes loyiha.
Topshiriladigan biznes loyiha shartlari:
Loyiha ijrochilarining tarkibi faqatgina xotin-qizlardan iborat boʻlishi;
Loyiha ijrochilarining yoshi ularning ilmiy darajasi, unvoni, mansabi va ish joyidan qatʼiy nazar 40 yoshdan oshmasligi;
1 ta jamoa 1 ta loyiha bilan ishtirok etishi lozim;
Topshirilgan biznes loyihani amalga oshirish uchun so‘ralgan mablag‘ miqdori Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 19-apreldagi 222-sonli qarorining
2-ilovasi bilan tasdiqlangan Nizomdagi hajmidan oshmasligi.
Biznes loyihalarni to’liq ishga tushirishning yakuniy muddati bir yilgacha boʻlishi.
Tanlov doirasida Biznes loyihalar boʻyicha takliflar 2022-yilning 10-iyun soat 18:00 ga qadar qabul qilinadi.